«Gazeta – odamlarning niyat va hatti-harakatlarini aks ettiruvchi ajoyib va kuchli hodisa… Yozuvchilar har qanday qahr-gʼazab va ehtirosdan poklanib, adolatu xolislik libosini kiymoqlari lozim».
Hazrati Bahoulloh

14 iyun 2020, Oʼzbekiston Bahoiylar Jamiyati xamma blogerlarni Xalqaro blogerlar kuni bilan tabriklaydi va sizlarning mamlakatimizdagi ijtimoiy oʼzgarishlarga, hamda, fuqarolik jamiyati faolligiga qoʼshayotgan hissangizni hurmat bilan eʼtirof etadi.

Biz soʼz va fikr erkinligi printsiplarining oldinga surilishi sohasidagi islohotlarni umid va quvonch bilan kuzatib bormoqdamiz. Boʼlib oʼtayotgan oʼzgarishlarni mamlakatimiz uchun oʼtish bosqichi deb qabul qilish mumkin. Bu jarayonni inson tomonidan oʼz rivoji davomida turli bosqichlardan oʼtishiga qiyoslash mumkin, zero, ilk rivojlanish bosqichiga xos boʼlgan odat va bidʼatlar ortda qolishi va joriy davrning ehtiyojlariga javob beruvchi yangi fikr va xulq namunalari shakllanishi kerak.

Soʼz erkinligi jamiyat taraqqiyotida muhim oʼrin tutadigan savollardan boʼlib, u koʼplab odamlarning fikrini mashgʼul etadi va ularning urinishlariga yoʼnalish bagʼishlaydi. Soʼzsiz, mamlakatda yuz berayotgan islohotlar tufayli, jamiyatimizda mazkur oʼtish davrida jurnalist va blogerlarning xavfsizligi va soʼz erkinligini taʼminlash borasida maʼlum qadamlar bosilmoqda.
Bunday jarayonlar bir tomondan, jurnalist va blogerlar uchun katta imkoniyatlarni yaratib berayotgan boʼlsa, boshqa tomondan, ommaga taqdim etilayotgan xabar va maʼlumotlarning chinligi va aniqligi uchun ham katta maʼsuliyatni yuklaydi. Zamonaviy media muhiti ayni paytning oʼzida, zamonamizning “nazariya, meʼyor va odatlarini” ham shakllantiradi va ham aks ettiradi.

Media muhitining barcha insonlarning ravnaqi va farovonligiga erishishda, hamda, tinchlik, ijtimoyi adolat va ekologik barqarorlikka boʼlgan kollektiv intilishda tutgan oʼrnini inobatga olganda, bu mavzu oʼta dolzarbligi bilan bizni chuqur oʼylantiradi.

Jurnalistika maydonida sizlarga mustahkam sogʼlik va ijodiy zafarlar tilab, dunyoda va jamiyatda boʼlib oʼtayotgan voqealarni xolisona baholashga qaratilgan ishlaringizni intizorlik bilan kutib qolamiz.

Kamoli ehtirom bilan,
Oʼzbekiston Bahoiy jamoasining keng jamoatchilik bilan hamkorlik ofisi