O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida 16-noyabr 2021 – “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” munosabati bilan “Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi garovi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Shu jumlada O’zbekiston Bahoiy Jamoa vakili Rasulov Farrukh «Бaҳoий жaмoaсининг миллaтлaрaрo вa динлaрaрo мунoсaбaтлaрни сaқлaш тaжрибaси» so’z berdi.

Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari, aziz hamkasblar va do‘stlar!

Eng avvalo, O‘zbekiston bahoiy jamoasi nomidan tashkilotchilarga ushbu nufuzli forumda ishtirok etish va fikr-mulohazalarni, shuningdek, O‘zbekiston Bahoiy jamoasining millatlararo va konfessiyalararo do‘stlikni qo‘llab-quvvatlash borasida unchalik katta bo‘lmagan va kamtarona tajribalarini baham ko‘rish imkoniyati berilgani uchun minnatdorchilik bildiraman.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilgan islohotlarini, shuningdek, yangilangan, obod va farovon tolerant jamiyat barpo etish borasidagi qarashlarini O‘zbekiston Bahoiy jamoasi ham olqishlaydi va to‘liq qo‘llab- quvvatlaydi.

Bahoiy dinining ma’naviy tamoyillaridan biri – kamtarlik va shogirdlik mavqeining namoyon bo‘lishida. Bu shuni anglatadiki, kelishmovchilik va muhokamalarni chetga surib, barcha dinlar izdoshlari bilan do‘stlik va muhabbat ruhida muloqot qilishga chaqiramiz. Agar barchamiz o‘z e’tiqodlarimizning o‘ziga xosligini talab qilish o‘rniga, kamtarlikni namoyon qilsak, bu holda biz bir-birimizdan o‘rganishni boshlaymiz. Bahoiy jamoasining dinlararo muloqotga bo‘lgan tarafdorligi, do‘stona muloqot – birlikni mustahkamlashga ishonishdan kelib chiqadi. Bahoiylar turli darajadagi odamlar bilan o‘zaro aloqada bo‘lib, ular bilan birgalikda umumiy yo‘lni – yaxshiroq dunyoni birgalikda yaratish yo‘lini topishga intiladi.

Barchamiz hamma uchun ochiq bo‘lgan kuchli va birlashgan jamiyat qurish istagidamiz. Bunday jamiyat o‘z a’zolarining xilma-xilligidan kuch topadi. 20 asrning boshida, Bahoiy E’tiqodining asoschisi Bahoullohning vorisi va to‘ng‘ich o‘g‘li Abdul-Baho shunday deb yozgan edi: “Hech kimni begona deb hisoblamang. Har bir kishini do‘st deb biling, chunki muhabbat va birdamlik farqlar yoki kelishmovchiliklarga katta ahamiyat beriladigan joyda bo‘lishi mumkin emas. Har bir jonzot Xudoning belgisidir va faqat Rabbiyning inoyati va Uning irodasi bilan bu dunyoga keladi; shuning uchun insonlar orasida begona odamlar yo‘q, zero ularning barchasi bir oilaning a’zolari; begona odamlar yo‘q, faqat do‘stlar bor va biz hammani o‘zimizga yaqin deb bilishimiz kerak”.

Bugungi kunda yer yuzida dinlararo va millatlararo harakatlar, bizning zaminimizda turli din va millat vakillari o‘rtasida muloqotni rivojlantirish bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga ega. XIX asrning oxirida bu harakatning gullab-yashnashi barcha dinlarning yagona tushunchasini tan olishga olib kelishi kerak edi. Biroq, XX asr biz uchun o‘zgacha haqiqatni ko‘rsatdi. Ikkita jahon urushi, diniy sabablar zaminida zo‘ravonlikning deyarli to‘xtatib bo‘lmaydigan suratlarda o‘sishi, sovet Ittifoqi hududida dinni taqiqlash va diniy fundamentalizm va radikalizmlar, – bularning hammasi ko‘pchilik insonlarning dindan ko‘nglini sovutdi. Shu bilan birga, dinlararo hamkorlik harakati jahon diniy jamoalari o‘rtasida birdamlikni rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi. Odamlar bu harakat yanada uzoqqa borishi, eng muhim muammolarni hal qilishda insoniyatning yuqori darajadagi birlikka erishishiga yordam berishini tobora ko‘proq tushunmoqdalar.

Bahoiylar uchun barcha mamlakatlarda, jumladan, Oʼzbekistonda konfessiyalararo faoliyatda ishtirok etish soʼnggi yillarda chuqur mulohaza yuritishga sabab boʼldi. Konfessiyalararo muloqot uchun yaratilgan forumlarning salohiyati qanday? Bugungi kunda mazkur harakatning maqsadlari va umidlari qanday? Jamiyatimizning farovonligida dinning roli qanday? Ruhiy tamoyillarga asoslangan, biroq, undan-da oldinga intilayotgan va bu tamoyillarni hozirgi algʼov-dalgʼov dunyoning murakkab jihatlarida qoʼllanishini oʼrganayotgan diskurslarda qanday ishtirok etishimiz mumkin?

Dinni koʼrib chiqishning usullaridan biri, uni bir din yoki mazhabdan tashqariga chiqadigan hodisa deb hisoblashdir. Dinlararo muloqotda ishtirok etishdan koʼzlangan maqsadlardan biri, bu umumiy tamoyillarni ishlab chiqish va ularni qoʼllashda tajriba almashishdir. Аsosiy vazifa – tinch va adolatli jamiyatga intilish. Shu maʼnoda, dinni jamiyat rivojlanishiga yordam beradigan gʼoyalar va qadriyatlarni taklif qiluvchi bilim va amaliyotlarning rivojlanayotgan tizimi sifatida koʼrish mumkin.

Mamlakatimizda din ishlari boʼyicha qoʼmita rahbarligi ostida barcha din vakillari boʼlgan dinlararo Kengashning shakllanishi, albatta, bu jarayonni sezilarli darajada rivojlantirishga yordam beradi. Dinlararo faoliyatni rivojlantirishda vaqt va resurslarni investitsiya qilishni yuqori baholaymiz. Biz sekin-asta oʼrganayapmiz. Nimalar sodir boʼlayotganini tushunish uchun biz bir-birimizni tinglash, fikrlash va muloqot qilishni oʼrganayapmiz. Bunday sharoitda hammamiz uchun umumiy boʼlgan narsalarga tayanish muhimdir, – bu umumiy narsalar esa bizda juda koʼp. Hozirda dinlararo faoliyat turli shakllarni olayapti. Аyrim guruhlar, avvalo oʼzaro doʼstlikka intilayapti, boshqalari esa jamiyatdagi oʼzgarishlarga eʼtibor qaratayapti.

Biz borgan sari diniy rang-baranglikni anglab borayapmiz va fikrlar xilma-xilligi (plyuralizm) mavjud boʼlgan jamiyatni rivojlantirishga intilayapmiz. Dinlararo dialog mamlakatimizni kelajagiga umumiy nigoh bilan qarashni shakllantirishda muhim rol oʼynaydi.
Bahoiy jamoalari, dinlararo faoliyatning rivojlanayotgan muloqotidan tashqari, yangi ufqlarni ham koʼrib chiqmoqda. Ular jamiyatimizni oʼzgartirish jarayonlarini yanada chuqurroq oʼrganishga intiladi va gender tengligini kuchaytirish, oila institutini mustahkamlash, ekologiya, yosh avlodning axloqiy tarbiyasini yaxshilash borasida fuqarolik jamiyati va tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.

Muayyan millat yoki dinni rad etish odatda xurofotga asoslanadi. Xurofotlar – taraqqiyot va odamlar farovonligiga qoʼrqinchli toʼsiqni hosil qiladi. Dindorlarni tarbiyalash jamoa ishining juda muhim elementidir, chunki jaholat xurofotning asosiy sababidir. Jaholat – zulmning bir koʼrinishi; shuningdek, u jamiyat birligiga erishishga toʼsqinlik qiluvchi xusumat devorlarini ham mustahkamlaydi. Biz befarq boʼlmaganlar doirasini kengaytirish orqali oldinga harakat qilishni davom ettirishimiz kerak. Faqat boʼshliqlarni bartaraf etib va yonma-yon ishlash orqali jamiyatning haqiqiy muammolarini hal qilishda umumiy maqsadga erisha olishimiz mumkin. Ushbu yangi konteksda din ilhom manbai va odamlarni birlashtiradigan chashma boʼlishi mumkin. U dindorlarni ham maʼnaviy, ham moddiy jihatdan oʼz vataniga xizmat qilishga va yangi, farovon jamiyat qurishga chaqirishi mumkin!

Diqqatingiz uchun tashakkur,
Oʼzbekiston Bahoiylar Hamjamiyati.