2022 yil 18 noyabr
XBH NEW-YORK – Xalqaro Bahoiylar Hamjamiyati (XBH) tomonidan yaratilgan qisqa metrajli filmda shaxslar, jamiyat va muassasalar o‘rtasidagi konstruktiv munosabatlar Vanuatu, Tanna qirg‘oqlaridagi marjon rifi ekotizimini jonlantirish va himoya qilish bo‘yicha yoshlar boshchiligidagi ijtimoiy harakat tashabbusiga qanday yo‘l ochgani hikoya qilinadi.
“Tanna: Yetakchilik va Harakat bo‘yicha tadqiqot” deb nomlangan 13 daqiqalik film XBHning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha diskursiga qo‘shgan hissasining bir qismi bo‘lib, kecha COR27 deb nomlanuvchi Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2022 yil iqlim o‘zgarishi bo‘yicha anjumanida namoyish etildi. Namoyish ishtirokchilari orasida Vanuatu hukumati vakillari ham bor edi.
Film namoyishidagi nutqida, – “Marjonlarni qayta tiklash loyihasi Bahoiy ma’naviy dasturlarida ishtirok etayotgan yoshlarning sa’y-harakatlari natijasida yuzaga keldi”, – dedi Bahoiylar hamjamiyatining a’zosi va Vanuatu iqlim bo‘yicha harakatlar tarmog‘i koordinatori Villi Missak.
XBH vakili Sapfira Rameshvarning qo‘shimcha qilishicha, ushbu ta’lim dasturlari yoshlarga ijtimoiy muammolarni hal qilishda insoniyatning yagonaligi kabi ma’naviy tamoyillarni qo‘llashni o‘rganish imkonini beradi.
“Ushbu film Bahoiylarning jamiyatni bunyod etish harakatlari o‘z jamiyatining moddiy va ma’naviy taraqqiyotiga hissa qo‘shish uchun birgalikda harakat qilganda, shaxslar, jamoalar va muassasalar o‘rtasida birdamlikni qanday mustahkamlashiga misol bo‘la oladi, – dedi u.
So‘nggi ikki hafta mobaynida XBH vakillari COR27da rasmiy va norasmiy holatlarda ko‘plab muhokamalarda ishtirok etib, jamiyat va tabiat o‘rtasidagi munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladilar.